ZOMIN TUMAN PROKURORI XAMIDULLA ABDULLAEVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI !!!
2025-11-05 16:35:00 / Yangiliklar
Qadrli otaxon va onaxonlar !
Aziz yoshlar !
Hurmatli Zomin tuman aholisi !
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat
Miromonovich rahbarligida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi
asosida hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish,
aholi yashash sharoitlari hamda mahallalar qiyofasini
tubdan yaxshilash, aholining muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish borasida
tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar
hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda
qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga
qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan
choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 10 oy davomida firibgarlik, o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lsa, yil boshidan bosqinchilik, og‘ir tan jarohati yetkazish hamda bezorilik jinoyatlari sodir etilishi oldi olingan.
Shu bilan birgalikda, o‘tgan davr mobaynida talonchilik, o‘g‘rilik, transport vositasini olib qochish hamda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyatlar oshgan.
Yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol - mulkini egallashga urinish bilan bog‘liq holatlar kundan-kun ortmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xir turdagi ta’sir o‘tkazish orqali hisob raqamlaridagi
pul mablag‘larini egallash holatlari ko‘plab uchramoqda.
O‘tgan davrda, tumanimizda 79 ta kiberjinoyatlar, 28 ta o‘g‘rilik,
50 ta firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol – mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani oqibatida o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratib berayotgani ham ayni haqiqat.
Buning oqibatini tumanda 20 ta o‘g‘rilik jinoyatlari qayd etilganidan ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan - kunga
ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda.
Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani
yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida, jami 29 ta, shu jumladan o‘lim bilan bog‘liq 17 ta yo‘l - transport hodisasi
sodir etilganligi ayanchli, albatta !
O‘tgan davrda yuqorida qayd etilgan jinoyatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan, ular o‘z vaqtida va barvaqt oldini olish choralarini ko‘rmagan mas’ul shaxslarning javobgarlik masalalari tuman prokuraturasi tomonidan qat’iyatlilik bilan hal etib borilmoqda.
Xususan, mas’ul shaxslarning 30 nafari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlanishi, 12 nafari intizomiy javobgarlikka tortiltilishi, mas’ul idoralarga 15 ta taqdimnomalar kiritilish va 12 nafari rasman ogohlantirilishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, 2025 yilning o‘tgan o‘n oyida tumanda jami 7 ta korrupsion jinoyatlar sodir etilgan.
Ushbu jinoyatlarning 3 tasi davlat mulkini talon - toroj qilish, 2 tasi poraxo‘rlik va 1 tasi boshqa jinoyatlarni sodir etgan.
Korrupsion jinoyatlarning 4 tasi yer, 1 tasi qurilish va 2 tasi boshqa soha mansabdorlari tashkil etgan.
Jinoiy qilmishlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 1 mlrd. 654 mln. so‘mlik zararning
1 mlrd. 639 mln. so‘mi yoki 98 foizi dastlabki tergovda undirilishi ta’minlangan.
Aziz Zominliklar !
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrursiyaning
oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z
hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi !
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz xushyor-
likni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kir-
maslik, notanish shaxslarga hisob raqamlar va tasdiqlash
kodlarini bermaslik, mol - mulklarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi haqida yana bir bor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni
va qadr qimmatini, mol - mulki daxlsizligini hurmat qilish,
oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish - turish qoidalariga rioya qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz
ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat
hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik !
Xamidulla Abdullaev,
Zomin tuman prokurori.
