YOPIQ SUD MAJLISI MUHOKAMASI MA’LUMOTLARINI OSHKOR QILISH HAM JINOYAT HISOBLANADI(MI)
2025-10-22 11:40:00 / Yangiliklar

Fuqarolarning huquq va erkinliklari, uning shaxsiy hayoti daxlsizligi, shaxsiy hamda oilaviy siri, sha’ni va qadr-qimmati ishonchli himoya qilinishini taʼminlash, oʻz navbatida, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, mavjudlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni taqozo etadi.
Hozirgi kunga qadar protsessual kodekslarda yopiq sud majlislarida ishtirok etgan shaxslar ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, qonunchilikda bunday ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan edi. Shu munosabat bilan yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish zaruriyati yuzaga kelgan edi.
O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 26-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1084-sonli Qonuni bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga va Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, mazkur Qonunning 1-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 239-moddasiga o‘zgartirish kiritish belgilanib, yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik majburiyati o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan ularni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ma’lumot uchun, ushbu turdagi jinoyatni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikning belgilanishi sud protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlari hamda tafsilotlari oshkor etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudining raisi
S.Raxmonov
