1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
2025-10-01 08:00:00 / Yangiliklar

Muhtaram ustozlar!
Qadrli murabbiylar!
Siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasidek sharafli ishga bag‘ishlagan barcha yurtdoshlarimizni 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
“Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bog‘liq”, deganda buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy Sizlarning mashaqqatli, ayni vaqtda olijanob faoliyatingizga yuksak baho bergan edi. Haqiqatan ham, biz o‘zimizdagi jamiki yaxshi fazilatlar, hayotda erishayotgan barcha yutuqlarimiz uchun Siz, azizlardan umrbod qarzdormiz.
Mana shu qutlug‘ ayyom arafasida Sizning sha'ningizga qancha go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etsak, shuncha kam. Zotan, barchamizning kamol topishimiz, jamiyatda munosib o‘rin egallashimizda bor bilim va tajribasini, qalb haroratini baxsh etib kelayotgan Siz kabi mehridaryo ustozlarimizning o‘rningiz bor.
Hurmatli ma’rifat fidoyilari!
Xabaringiz bor, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev shu yilning 15 sentabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrifi chog‘ida mamlakatimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot o‘tkazdilar. Muloqotda so‘nggi sakkiz yilda ta’lim va tarbiya sohasida o‘n yillarga teng keladigan ishlar amalga oshirilib, ulkan natija va yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir!”, degan so‘zlari kundalik hayotimizda tobora o‘z aksini topib bormoqda.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, ta'lim-tarbiya – har qaysi davlat va jamiyatning nafaqat bugungi, balki ertangi kunini ham hal qiladigan eng muhim va ustuvor masaladir. Keyingi yillarda milliy taraqqiyot strategiyasi asosida yurtimizda ta’lim va tarbiya tizimida ham tom ma’noda tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Qisqa fursatda sohaga oid ko‘plab qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, bu boradagi huquqiy baza mustahkamlandi. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchining maqomi alohida belgilab qo‘yildi.
Respublikamizda har yili yangi-yangi ta’lim maskanlari barpo etilib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining zamon talablariga mos yangi avlodi yaratilmoqda. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimi dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida mutlaqo yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Yurtimizdagi bolalar bog‘chalari soni deyarli o‘n barobar oshdi, 2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi. Ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmaydi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmaydi.
Bog‘chada tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirildi. Yaqindan bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil oylik oladigan bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, bog‘chadagi rahbar va pedagoglar oyligi qariyb 2 karra oshdi.
Qadrli ustozlar!
Mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy harakatga aylangan. Bu haqda so‘z yuritganda, so‘nggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlarining kengaygani hisobiga 1 million o‘quvchi o‘rni yaratilganini ta’kidlab o‘tish lozim.
Xususiy sektor rivoji uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlar natijasida nodavlat maktablar ulushi kundan kunga ortib borayapdi. Xususiy maktablarga katta sharoit yaratilgani natijasida ota-onalar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugun 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz xususiy maktablarda o‘qiyapti.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi. Bir so‘z bilan aytganda, maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladigan bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.
Ta’lim-tarbiyadagi izchil islohotlar oliy ta’lim tizimida ham davom ettirilmoqda. Oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirishdir. Masalan, hozirda 4 ta oliygoh dunyodagi TOP-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi. Bundan tashqari, chet eldagi TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, “Ikki Renessans davomida bashariyatga muallimlik qilgan xalqimiz orasida ustozlarni e’zozlash va ularga ehtirom ko‘rsatish eng go‘zal va qadimiy an’analarimizdan biriga aylangan. Bugun Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish degan bag‘oyat ulug‘ va sharafli ishni boshlagan ekanmiz, eng avvalo, siz – aziz ustozlar hamda iste’dodli shogirdlaringizga tayanamiz!”.
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Bu boradagi o‘ta mas'uliyatli vazifalar sizlardan o‘z ustingizda tinimsiz ishlash, farzandlarimizni yangicha tafakkur, yuksak insoniy tuyg‘ular bilan oshno etish, ularda mustaqil va ijodiy fikrlash qobiliyatini uzluksiz rivojlantirib borishni talab etmoqda.
Bu yo‘lda sizlarga olijanob va mas'uliyatli faoliyatingizda kuch-g‘ayrat, yutuq va omadlar, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman!
Mudom omon bo‘ling, ta’lim-tarbiya fidoyilari!
Zomin tumani hokimi Alisher Abdug'aniyev
