Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2025-09-11 19:35:00 / Yangiliklar

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-140-son farmoniga ko‘ra mamlakatimizda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilangan:
1. Sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
2. Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reestrini yuritish;
3. Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
4. Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
5.Sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;
6.Iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;
7. “Raqamli sudi” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
2025 yil yakuniga qadar, tajriba tariqasida Toshkent shahrida “Raqamli sudi” konsepsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab “my.sud.uz” interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish kabi imkoniyatlar yaratilishi ko`zda tutilgan.
Jizzax tumanlararo ma`muriy sudi sudyasi
M.Yuldashev
