O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi PF-140-sonli Farmonining mazmun-mohiyati
2025-09-11 15:25:00 / Yangiliklar

Barchaga ma’lumki, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
«Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash hamda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, raqamlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, sudlarning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash maqsadida Muhtaram yurtboshimiz Sh.Mirziyoev tomonidan joriy yil 21 avgust kuni “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2025 yil 21 avgustdagi PF-140-sonli Farmoni imzolandi.
Bunga ko‘ra, Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari etib, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;
fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reestrini yuritish;
sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha «Kiber huquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;
iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;
«Raqamli sud» konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish belgilandi.
Shuningdek, mazkur Farmonda sudlar faoliyatiga «Raqamli sud» konsepsiyasi joriy etilib, sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantirish;
murojaatlar sudga elektron shaklda yuborish;
ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmasdanva sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etish;
taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratish;
sud xarajatlarini elektron shaklda hisoblash va to‘lanash, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuborish;
sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritish;
sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlash;
sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantirish ustuvor maqsadlar etib belgilandi. 2025 — 2027 yillarga mo‘ljallangan sud sohasini raqamlashtirish va odil sudlov jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish dasturi ishlab chiqildi.
2025 yil yakuniga qadar, tajriba tariqasida Toshkent shahrida «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etish vazifati topshirildi.
tajriba natijalari asosida «Raqamli sud» konsepsiyasini 2026 — 2027 yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha sudlarida tatbiq etish belgilandi.
Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali sud ishlarini yuritish samaradorligini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda sanksiyalar va majburlov choralari bo‘yicha sudlarga kiritiladigan iltimosnomalarni elektron shaklda yuritish, Oliy sud axborot tizimlari bilan tergov organlarining axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik uchun qo‘llanilgan barcha jarimalarni onlayn kuzatish, ularning to‘lov muddatlari haqida ogohlantirish va to‘lovlarni elektron amalga oshirish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda sudda ishtirok etuvchi shaxslardan ortiqcha ma’lumotlar talab etilishiga chek qo‘yish maqsadida «Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida mavjud ma’lumotlarni sudlarning axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilish choralarini ko‘rish va 2025 yil 1 oktyabrga qadar ma’muriy jazo qo‘llash vakolatiga ega vazirlik va idoralar tomonidan ma’muriy ish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlarni Ichki ishlar vazirligining «E-ma’muriy ish» axborot tizimi orqali sudlarga to‘liq elektron shaklda taqdim etib borish tartibini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, iqtisodiy sudlarni maqbullashtirish orqali tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini tugatish va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo iqtisodiy sudlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarbdor tumanlararo sudining raisi O.Egamberdiev
