“Qishloq xo‘jaligi va Dexqon xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish bo‘yicha auksionlar o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar: yangi qoidalar va fermerlarni rag‘batlantirish”
2025-04-01 10:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi PQ-131-son qarori bilan qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish va auksion savdolarni o‘tkazish tartibiga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. O‘zgartirishlar yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rag‘batlantirish va fermerlar uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan. Quyida kiritilgan o‘zgarishlarning tafsilotlari keltirilgan:
1. Lotlarni e’londa turish vaqtini auksion o‘tkazish muddatlarini qisqartirish
- xabarnomani e’lon qilish muddati birinchi marta savdoga chiqarilgan lotlar uchun 15 kundan 5 kunga, takroriy auksionlar uchun esa 5 kundan 1 kunga qisqartirildi. Bu auksion jarayonini tezlashtiradi, bu esa yerni tezroq ijaraga olish imkonini beradi.
- boshlang‘ich bahosini pasaytirish : agar takroriy auksion savdosida qatnashish uchun faqat bitta ishtirokchi ariza topshirsa, unga yer uchastkasini ushbu auksion savdosida e’lon qilingan narxda sotib olish taklif etiladi. Har bir takroriy auksion savdosida lot narxi boshlang‘ich bahoning 20 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi.
2. To‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashni bekor qilish:
2025 yil 1 apreldan boshlab barcha hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha turdagi yerlarni ijaraga berish huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash va to‘lov to‘liq to‘langanda chegirma berish tartibi bekor qilindi. Endi ijarachilar 15 ish kuni ichida to‘liq ijara haqini to‘lashlari shart. Ushbu o‘zgarish yanada samarali pul oqimini ta’minlash va ijaraga oluvchilarning qarzdorligini kamaytirishga qaratilgan.
3. Auksionga qo‘yiladigan yer maydonni ko‘paytirish:
2025-2026-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hudulari doirasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning auksionga qo‘yishda umumiy maydonining 10-20 foizini chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqarilishi belgilandi. Bu maydonlar chorvachilik uchun yem-xashak ekinlarini ekish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, chorvachilikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
4. Yerni qayta ijaraga berish:
Yer ijarasi bo‘yicha to‘lovlar bo‘yicha qarzdor bo‘lgan ijarachilarga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini boshqa shaxsga qayta ijaraga berish imkoniyati beriladi:
- tuman hokimi, ijarachi va yangi ijarachini o‘z ichiga olgan uch tomonlama shartnoma tuzish orqali qayta ijarga berishi mumkin .
- 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 15 aprelga qadar o‘tkazilgan ochiq elektron tanlovlarda g‘olib bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftarlari”, “Yoshlar daftarlari”ga kiritilgan fuqarolar va mehnat migrantlari uchun qo‘shimcha to‘lovlar miqdori ushbu yer uchastkasi normativ qiymatining bir barobariga shuningdek, boshqa shaxslar uchun normativ qiymatining to‘rt barobariga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish shartlar belgilandi.
5. Fermer xo‘jaliklari uchun imtiyozlar:
2025-yilda yuqori hosil (gektariga 50 sentnerdan ortiq paxta va 80 sentnerdan ortiq g‘alla) ko‘rsatgan fermerlarga ijaraga olingan yer maydonining 25 foizidan boshqa ekinlar, ya’ni kartoshka, sabzavot, poliz va chorvachilik uchun yem-xashak ekinlarini ekish uchun foydalanishi kafolatlangan. Bu fermerlarybyu O‘zbekiston Fermerlar kengashiga a’zolik badallari va yer solig‘i bo‘yicha pasaytirilgan koeffitsientlar ham olish huquqiga ega .
6. Investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish:
Qarorda qishloq xo‘jaligi kooperativlariga a’zo bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga 50 foizidan oshmagan qismiga paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish ham nazarda tutilgan. Kreditlar 50 foizlik mol-mulk garov evaziga(xususan, yerga ijara huquqi garov) evaziga berilishi mumkin va ushbu kredit paxta xomashyosining e’lon qilingan boshlang‘ich narxidan kelib chiqib ajratiladi.
Xulosa
Auksion savdolarini o‘tkazish tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlar qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish jarayonini takomillashtirish, yem-xashak ekinlari ekish uchun yerlardan foydalanishni rag‘batlantirish va chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur o‘zgarishlar yer maydonlarining yanada adolatli taqsimlanishini ta’minlash, qishloq xo‘jaligining investitsion jozibadorligini oshirish va fermerlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, shu bilan birga, mamlakatimizda agrar sektorning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashadi.
“Elektron onlayn auksionlarni
tashkil etish” AJ
Jizzax viloyati vakili B.Mamanazarov
