Bug’doy zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish boʻyicha muhim tavsiyalar
2025-03-19 17:05:00 / Yangiliklar

Jahon miqiyosida aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda agrar sohaning oʻrni va ahamiyati kundan-kunga oshib bormoqda. Jumladan mamlakatimizda ham mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash, hosildorlik va manfaatdorlikni yanada oshirish, sohaga ilm-fan yutuqlari hamda zamonaviy yondoshuvlarni joriy etish eng dolzarb masaladir.
Bugʻdoynning hosildorligini pasaytiradigan omillar bular zararkunandalar, hashorat va kasalliklardir. Bu borada mamlakatimizda ilmiy amaliy hamkorliklar yoʻlga qoʻyilgan. Bugʻdoydan yuqori hosil olish uchun agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish lozim boʻladi.
Bugʻdoyga oʻz vaqtida oʻtkaziladigan agrotexnika tadbirlaridan biri hashorat, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashishdir. Xashoratlarga qarshi kurashish uchun urugʻni erga qadashdan boshlab toki hosil yigʻib-terib olingungacha boʻlgan davrda turlicha kurashish usullaridan rejali ravishda foydalaniladi. Oʻsimliklarni zararkunanda, kasallik va begona oʻtlardan biologik himoya qilish, ekinlar hosildorligini oshirish, ekologik toza mahsulot etishtirish, bioxilma-xillikni saqlash dolzarb hisoblanadi. Bugʻdoy oʻsimligiga 500 dan ortiq turdagi zararkunanda zarar etkazashi mumkin. Ular bugʻdoyning butun vegetasiyasi davrida ildizi, poyasi va generativ organlarini zararlaydi. Bu zararkunandalarning 50 dan ortiq turi hosilning sifatiga va miqdoriga salbiy ta'sir koʻrsatadi. Zararkunandalar bugʻdoy oʻsimligining fenologik rivojlanish sikliga moslashgan boʻlib, ular shu rivojlanish fazalarida uchraydi. Bu zararkunandalar barcha iqlim sharoiti va oʻsimlik turlariga moslashgan boʻlib, bugʻdoy ekilgan maydonlarda oʻta tezlik bilan koʻpayib rivojlanadi. Zararkunandalarning eng yuqori zarari bugʻdoyning unib chiqish davriga toʻgʻri keladi. Boshoq chiqarish davri yaqinlashganda asosan, bugʻdoy poyasigina zararlanib, bu fazada bugʻdoy zararkunanda bilan zararlanadi. Ayrim zararkunandalar bugʻdoyning boshoqdagi donlari bilan oziqlanishga moslashgan. Bular jumlasiga don tunlami, har xil qoʻngʻizlar va bugʻdoy tripslari kiradi. Ba'zi zararkunandalar oʻsimlikni vegatativ qismi bilan oziqlanib, boshoqda don hosil boʻlishi bilan oziqlanishdan toʻxtaydi.
Bugʻdoyga zarar etkazuvchi zararkunandalar va kasalliklar.
Zararli xasva- Xasvalar markaziy osiyoda bugʻdoy, arpa poyasi va boshogʻining shirasini soʻrib, oʻsimlikka jiddiy zarar etkazadi. Ular katta maydonlardagi bugʻdoyzorlarda, ayniqsa, kuzgi bugʻdoyga koʻp zarar etkazadi. Masalan 5 ta voyaga etgan xasva 0,25 m2 maydondagi bugʻdoy yoki arpani boshoq chiqarish davrida batamom nobud qilishi mumkin. Voyaga etgan xasvaning boʻyi 10-12 mm keladi. Tanasining rangi sariq yoki sargʻish-kulrang, sirti marmarsimon naqshli boʻladi. Zararli xasvaning oʻziga xos hususiyatlaridan biri-ularning toʻp boʻlib yashashidir. Bugʻdoy pishganda, xavo harorati va namlik yuqori boʻlganda xasvalar bugʻdoyga katta zarar etkazadi.
Bugʻdoy tripsi- Bu zararkunanda bugʻdoyga katta zarar etkazadi. Natijada bugʻdoy boshoqlarining uchki qismi quriydi, bargi yaxshi yozilmaydi. Barg qini yaxshi rivojlanmaydi. Zararlangan donning vazni va sifati past boʻladi. Bitta donda tripsning bitta lichinkasi boʻlsa, hosil 11% ga uchta boʻlganda 34-35% gacha, 5 ta boʻlganda 50% gacha nobud boʻladi. Tripsning boʻyi 1,5-2,2 mm keladi. Tanasi ingichka, qornining oxirgi segmenti naysimon choʻzilib, orqa uchi biroz toraygan boʻladi.
Bugʻdoyning zang kasalligi- Bugʻdoy kasalliklari orasida zang kasalliklari himoyalanmagan bugʻdoyzorlarni toʻla vayron qilish hususiyati bilan ajralib turadi. Mamlakatimizda bugʻdoy kasalliklaridan eng asosiysi va oʻta zararlisi sariq zang boʻlib, kasallik keng tarqalgan yillari u bugʻdoy hosilining keskin kamayishiga olib keladi.
Zararli organizmlarga qarshi biologik himoya qilish usuli.
Oltinkoʻzni qoʻllash-hozirgi paytda oʻsimliklarni biologik himoya qilishda keng qoʻllanilayotgan entomofaglar orasida oltinkoʻz alohida oʻrinni egallaydi. Bugʻdoy nihollarida soʻruvchi zararkunandalarning paydo boʻlishi bilan ularning koʻpayib, ekinga tarqalib ketishining oldini olish maqsadida oltinkoʻzning 4 kunlik tuxumlarini dalalarga zararkunandalar miqdoriga qarab 1000-1500 donadan tarqatiladi.
Kimyoviy va mikroelementlar bilan himoya qilish.
Bugʻdoy zararkunandalarining tarqalishi va zarar etkazish holatlarining oldini olish boʻyicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:
-Bugʻdoy ekin rivojini jadallashtirish, ularni issiqlik, trips va boshqa kasalliklarga chidamliligini oshirish maqsadida tarkibida NPK+mikro elementlar mavjud boʻlgan mikrooʻgʻitlar va stimulyatorlardan Mers gektariga 0,4-0,5 litr, Uzgumi gektariga 0,3-0,4 litr, Fitovak gektariga 0,2-0,3 litr, Bioduks gektariga 2,0 ml va boshqa stimulyatorlarning birortasi bilan bugʻdoyning naychalash davrlarida 2 marta ishlov berish,
-Zararli tripslarga qarshi Bagira, Dakloprid, Imido star va boshqa preparatlar bilan ishlov berish.
Kimyoviy vositalar bilan ishlov oʻtkazishda zararkunandalarning barg orqasida joylashganligini inobatga olib, faqatgina OVX va OVP purkagichlaridan foydalanish lozim. Kimyoviy preparatlardan ishchi eritma tayyorlashda purkagichning har bir bochkasiga yarmigacha suv solib, shundan soʻng alohida idishlarda 2 gektar maydonga etadigan miqdorda kimyoviy preparatlar eritmasini alohida tayyorlab, keyin bochkalarga solinadi va traktorlarda bugʻdoyga sepiladi.
Bugʻdoy maydonlariga zararkunanda va kasalliklariga qarshi oʻz vaqtida agrotexnik tadbirlar amalga oshirilsa yuqori hosil olishga erishiladi.
Sh.Q.Turdibekov
“Oʻzagroinspeksiya”ning
Zomin tuman boʻlimi boshligʻi
