Gʻallakorlar zang kasalliklaridan extiyot boʻling!
2025-03-11 08:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda boshoqli don ekinlaridan moʻl hosil olish uchun agrotexnik tadbirlar oʻtkazish bilan bir qatorda, uning kasallik, zararkunanda va begona oʻtlarga qarshi samarali kurash tadbirlarini oʻtkazish muhim ahamiyatga ega. Respublikamizda gʻalla ekinlariga 10 dan ortiq turdagi kasalliklar zarar etkazadi. Ular, qoʻngʻir zang, sariq zang, un shudring, sariq dogʻlanish, septorioz, boshoq fuzariozi, chang qorakuya, qattiq qorakuya, ildiz chirish, qor osti mogʻorlanish kasalliklaridir.
Qoʻngʻir zang. - Bugʻdoy gullash davrida 40-80% qoʻngʻir zang bilan kasallansa 25-30%, boshoq chiqarish davrida tushsa 40-50% hosil yoʻqotiladi. Havo harorati +2ºS darajadan boshlab bugʻdoy oʻsimligi tanasida qoʻngʻir zang kasalligi rivojlana boshlaydi. Agar havo harorati 15-23ºS daraja, nisbiy namligi 65-70% boʻlsa, kasallik rivojlanishi uchun eng qulay hisoblanadi.
Kasallik belgilari yovvoyi suli, bugʻdoyiq, raygras kabi begona oʻtlar va gʻalla ekinlari barglarida dumaloq, sargʻish-qoʻngʻir, changli yostiqchalar hosil qilib paydo boʻladi. Shu yostiqchalar ichida rivojlangan sporalar boshqa barglar va oʻsimliklarga shamol, texnika va boshqalar ѐrdamida oʻtadi va ob-havo qulay boʻlsa, boshqa barglar va oʻsimliklarga, dalalarga keng tarqaladi.
Sariq zang. - Kasallik don toʻlish davrida tushsa 5-10 foizdan 30-35 foizgacha hosilni nobud qiladi. Bugʻdoy bayroq barg chiqarish davrida (boshoq chiqarish arafasi) sariq zang bilan 50-60% zararlansa, don hosili 45-50% yoʻqotiladi. Sariq zang kasalligi sporalari havo harorati 0ºS boʻlishi bilan oʻsimlik tanasida rivojlana boshlaydi, uning avj olib koʻpayishi uchun eng qulay harorat 12-23ºS daraja hisoblanadi. Kasallik belgilari avval boshoqli begona oʻtlar va boshoqli ekinlar barglarida uzun, qator-qator joylashgan, aniq koʻrinishdagi sariq ѐstiqchalar hosil qilib paydo boʻladi. Asta sekin zang kasalligi butun barg yuzasini qoplaydi. Bargdagi modda almashinuvi buzilib, ozuqa hosil boʻlishi keskin kamayib, boshoqdagi doni toʻlmay qolishiga olib keladi.
Un shudring. - Bu kasallikning dastlabki belgilari maysalarning barglarida oq gʻubor shaklida, keyinchalik paxtasimon dogʻ qavat hosil qilib paydo boʻladi. Yogʻingarchilik koʻp boʻlganda havoning nisbiy namligi 90-99% boʻlib, havo harorati 15-20ºS boʻlganda kasallik rivojlanib, juda tez tarqaladi. Kasallangan barglardagi zamburugʻli qatlam qalinlashib, kulrang yoki sargʻish kulrang boʻrtmachalar hosil qiladi. Un shudring kasalligi tarqalish darajasiga bogʻliq holda hosildorlik 2-3% dan 20-25% gacha nobud boʻlishi mumkin. Sariq dogʻlanish. Bugʻdoy barglarida avval kichkina, dumaloq, sargʻish qoʻngʻir, keyin katta dogʻlar koʻrinishida rivojlanib tarqaladi. Havoda nisbiy namlik 100% boʻlib, harorat 20-25ºS darajani tashkil etsa, zamburugʻlar tez rivojlanib tarqalishiga qulay sharoitni vujudga keltiradi va maysalarga kuchli zarar etkazadi. Kasallik erta tarqalganda hosildorlik 20-40% gacha kamayadi.
Bugungi kunda mamalkatimizda ekilayotgan bugʻdoy navlarining aksariyati zang kasalliklariga chidamsiz. Shu tufayli bugʻdoyni kasallikdan saqlashning eng ishonchli usuli bu kimyoviy usul boʻlib, preparatlarni ya'ni fungisidlarni purkashdir. Zang kasalligining dastlabki belgilari paydo boʻlishi bilan fungisidni qoʻllash lozim. Yurtimizda bugʻdoy kasalliklariga qarshi 34 ta fungisid qoʻllaniladi. Ulardan “Alto super”, “Titul Duo”, “Duazol” kabi preparatlar yuqori samarali boʻlib, keng maydonlarda ishlatiladi. Ushbu preparatlar zang kasalligining rivojlanishini 25-30 kunga toʻxtatib turishi mumkin. “Duazol”, “Alto super” preparatlarini gektariga 200-250 grammdan va “Titul Duo” preparatini 300 grammdan ishlatilsa ijobiy ta'sir koʻrsatadi. Gʻalla maydonlarida zang kasalligi kuchli tarqalgan boʻlsa 15 kun ichida takroriy ishlov berilishi kerak. Shuni esda tutish kerakki kimyoviy preparatlar bilan ishlov berilgandan soʻng gʻalla maydonlari mutaxassis va agronomlar tomonidan doimiy kuzatuvlar olib borishi kerak. Kasallik belgilari paydo boʻlsa, takroriy ishlovlar oʻtkazish zarur. Xavo harorati oʻrtacha 23 darajadan yuqori boʻlsa kasallik rivojlanishdan toʻxtaydi.
Ushbu tavsiyalarga rioya qilish, kimyoviy preparatlarni oʻz vaqtida qoʻllash bugʻdoyning oʻsishi va rivojlanishini tezlashtiradi va hosildorlik oshishini ta'minlaydi.
Sh.Q.Turdibekov
“Oʻzagroinspeksiya”ning
Zomin tuman boʻlimi boshligʻi
