Oilaviy zo‘ravonlik va uning oqibatlar
2025-02-26 09:05:00 / Yangiliklar

Jahonda har uch ayoldan biri jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi va aksariyat hollarda zo‘ravonlik ayolning umr yo‘ldoshi tomonidan sodir etiladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik O‘zbekistonda ham xavotirli ijtimoiy muammo hisoblanadi, shu munosabat bilan 2023 yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” moddalari kiritildi.
Sud statistikasiga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq 2638 ta jinoyat ishi hamda 10 091 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqilgan. Oliy sud axborotiga ko‘ra, MJtKning 59−2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2344 nafariga jarima, 1999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan, jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) tadqiqotchilari O‘tkirbek Xolmirzaev va Zayniddin Shamsidinov tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonda ayollarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik huquqbuzarliklarining sud amaliyotiga doir tadqiqot ayrim jihatlari bilan e’tiborga molik. Unda 2023 yil aprel-dekabr oylaridagi oilaviy zo‘ravonlikka oid sud amaliyoti (10 091 ta ma’muriy va 371 ta jinoyat ishi — jami 10 462 ta huquqbuzarlik va jinoyat ishlari) qamrab olingan. Tadqiqot boshqa jamiyatlardan o‘rganilgan huquqiy (va boshqa) institut va mexanizmlar O‘zbekistonda tatbiq etilganida butunlay boshqacha mazmun kasb etishi mumkinligini oilaviy zo‘ravonlik huquqbuzarligi misolida tushuntirishga urinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 1261-moddasiga ko‘ra,
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, shuningdek basharti boshqa jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa,
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yuz oltmish soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki bolaga, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lmagan va ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlarga olib kelmagan, lekin sog‘liqning uzoq vaqt, ya’ni kamida yigirma bir kun, ammo to‘rt oydan ko‘p bo‘lmagan davrda yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining o‘n foizidan o‘ttiz uch foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish,
uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
v) o‘ta shafqatsizlik bilan;
g) g‘arazli niyatlarda;
d) diniy taassublar zamirida;
ye) bir guruh shaxslar tomonidan;
j) takroran, xavfli residivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97, 104 va (yoki) 105-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
z) o‘ta xavfli residivist tomonidan;
i) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotishga yoxud biron a’zoning ishdan chiqishiga yoki uning funksiyalari tamoman yo‘qolishiga, ruhiy holatning buzilishiga yoki sog‘liqning boshqacha tarzda yomonlashuviga, umumiy mehnat qobiliyatining o‘ttiz uch foizidan kam bo‘lmagan qismining yo‘qolishiga yoki homilaning tushishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lsa, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
b) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;
v) o‘ta shafqatsizlik bilan;
g) g‘arazli niyatlarda;
d) diniy taassublar zamirida;
ye) bir guruh shaxslar tomonidan;
j) qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa, —
yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan;
b) takroran, xavfli residivist tomonidan yoki ilgari ushbu Kodeksning 97 va (yoki) 104-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
v) o‘ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
g) jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 59-2-moddasiga ko‘ra,
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa,
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin
tuman sudining tergov sudyasi:
Pansatov Kamoliddin Uzoqovich
