ERTAGI KARTOSHKA YETISHTIRISH BO’YICHA TAVSIYALAR
2025-02-14 19:05:00 / Yangiliklar

Kartoshka eng muhim oziq-ovqat ekinidir. Xalqimiz kartoshkani “Ikkinchi non” deb ham ataydi. Bu qishloq xoʻjaligi ekini kundalik taomnomamizdagi muhim mahsulot ekanini koʻrsatadi. Kartoshka kraxmal, uglevod, oqsil, S vitamini, mineral tuzlar va boshqa moddalarga boyligi bilan ajralib turadi. Xalq iste'molida kartoshkadan yil davomida foydalaniladi.
Bu borada Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab hukumatimiz tomonidan kartoshkachilikka alohida e'tibor berilmoqda. Yurtimizning ichki bozorlarini oʻzimizda etishtirilgan arzon, sifatli kartoshka bilan toʻldirish maqsadida boshqa davlatlardan respublikamiz tuproq iqlim sharoitiga mos, yuqori hosilli kartoshka navlari keltirilmoqda.
Tumanimizda ham aholining kartoshkaga boʻlgan talabini qondirish, ichki bozorni sifatli kartoshka bilan toʻldirish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan tumanda joriy yilda fermerlarimiz tomonidan 300 dan ortiq maydonlarda kartoshka ekish rejalashtirilgan. Tumanda ertagi kartoshkani ekish ishlari boshlangan.
Ertagi kartoshkani yetishtirish uchun quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tavsiyalarni berib oʻtamiz.
Ertagi kartoshka Respublikaning tekislik mintaqalarida 10 fevraldan 15 martgacha, togʻ oldi mintaqalarida 10-25 martda ekish eng maqbul muddat hisoblanadi. Ekish muddati kechikkanda tuganaklar hosil boʻlishi yozning jazirama issigʻiga toʻgʻri keladi, tuganaklar hosil boʻlishi yomonlashadi, hosildorlik kamayadi.
Ertagi kartoshka yetishtirish uchun oʻsuv davri 70-90 kunni tashkil etadi. Ertagi kartoshka ekiladigan maydon birinchi navbatda ekin qoldiqlaridan tozalanadi. Kartoshka ekiladigan maydonga gektariga 3 tonnadan maxalliy oʻgʻit (chirigan goʻng) va 230-250 kg dan fosforli mineral oʻgʻit sepiladi.
Maydon 28-30 sm chuqurlikda haydalib, engil mola bilan birgalikda baronalanadi. Er tayyor boʻlishi bilan ekish mexanizmi yordamida urugʻlik kartoshka ekiladi. Gektariga 2,5-3 tonnagacha kartoshka urugʻi ekiladi, ekilgan kartoshka urugʻi 8-10 sm qalinlikda koʻmiladi. Kartoshka ekish 70x20-25 sm sxemada oʻtkazilishi ma'qul. Ertagi kartoshka tup qalinligi 57-71 mingtagacha boʻladi. Kartoshka tuganaklarini pushta ekish ham yaxshi natija beradi. Puhta ekilgan kartoshka urugʻi tez rivojlanadi, hosili erta pishadi. Parvarishda asosiy talab kartoshka tupi atrofidagi tuproqni yumshoq va begona oʻtlardan toza holda saqlashdir. Qator oralarini kultivasiya qilish, tuproqni yumshatish urugʻlar unib chiiqandan keyin KRN-4.2, KOR-4.2 kultivatorlarida amalga oshiriladi. Birinchi kultivasiya 12-14 sm, keyingilar 14-16 sm chuqurlikda oʻtkaziladi. Kultivasiyalar har yomgʻirdan yoki sugʻorishdan keyin oʻtkaziladi. Kartoshka maydonlarida chopiq oʻtkazishda oʻtlarni yoʻq qilish bilan birgalikda oʻsimlik atrofiga tuproq tortiladi, natijada issiqlikning zararli ta'siri kamayadi. Kartoshkani birinchi oziqlantirish kultivator oziqlantirgichlar yordamida maysalar hosil boʻlgandan keyin gektariga 45-50 kg, ikkinchi marta gʻunchalash fazasida 80-85 kg me'yorida azot bilan oziqlantiriladi. Kartoshkani sugʻorishda ularning soni tuproqdagi namlik hisobga olinadi. Sugʻorish uchun egatlar uzunligi 90-120 metr, chuqurligi 18-20 sm boʻlishi kerak. Ohirgi sugʻorish hosil yigʻishdan 5-2 kun oldin toʻxtatiladi.
Kartoshkaga zarakunandalardan kolorado qoʻngʻizi koʻp zarar keltirmoqda. Ularga qarshi kurashda kimyoviy usullardan foydalanish ijobiy samara beradi. Sherpa, Simbush, Zalon preparatlari koʻproq samara beradi. Dorilash hosil etishtirishdan 20-30 kun olidan toʻxtatiladi. Kartoshka palaklari sargʻayib, tuganaklardagi poʻst qattiqlashib, sidirilmaydigan boʻlganda hosilni yigʻishga kirishiladi.
Fermerlarimiz yuqoridagi koʻrsatib oʻtilgan tavsiyalarimizga amal qilsa kartoshkadan yuqori hosil olib daromad qilishga erishiladi.
SH.Q.Turdibekov
“Oʻzagroinspeksiya”ning Zomin
tuman boʻlimi boshligʻi
