OILA MUSTAHKAMLIGI — JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI
2026-10-21 08:55:00 / Yangiliklar

“Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi” shiori ostida Zomin tumani Sh.Rashidov mahallasida ajrim yoqasidagi, notinch va nizoli oilalar bilan uchrashuvlar hamda samimiy suhbatlar tashkil etildi.
Uchrashuvda Zomin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N.Omonova, Nuroniylar maskani tuman bo‘limi xodimi, targ'ibot guruhi rahbari S.Alimova, Zomin tumani IIB JXX XPB XQMB katta inspektori, leytenant M.Suyundikova hamda tuman Oqila ayollar harakati a’zolari ishtirok etdilar.
Muloqot davomida oilalarda yuzaga kelayotgan muammolar va kelishmovchiliklarning sabablari o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Xususan, er-xotin o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va murosani mustahkamlash, farzandlar manfaatlarini himoya qilish hamda ularning kelajagi yo‘lida hamjihatlikda harakat qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fuqarolarga oilaviy totuvlikni asrash, farzandlar tarbiyasida ota-onalik mas’uliyatini chuqur his etish, mavjud muammolarni qonuniy yo‘l va o‘zaro muloqot orqali hal qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Oilalarni asrab-avaylash, oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlar sonini kamaytirish va xonadonlarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga qaratilgan bunday profilaktik tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Zero, har bir oiladagi tinchlik va totuvlik — jamiyat barqarorligining mustahkam poydevoridir.






