“QIZLAR TARBIYASI — MILLAT TARBIYASI” MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI
2026-10-12 14:50:00 / Yangiliklar

Zomin tumanidagi 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 15–17 yoshdagi o‘quvchi qizlar ishtirokida “Erta nikoh va erta tug‘ruqning salbiy oqibatlari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Zomin tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Omonova ishtirok etib, qizlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, o‘z salohiyatini namoyon etishi hamda kelajagini ongli ravishda rejalashtirishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Davra suhbati davomida erta nikohning huquqiy va ijtimoiy oqibatlari, erta homiladorlik va tug‘ruqning salomatlikka ta’siri, oilaviy hayotga tayyorgarlik hamda qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, o‘quvchi qizlarning huquqiy va tibbiy savodxonligini oshirish, ularning ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni mustahkamlash, mustaqil fikrlaydigan va o‘z kelajagi uchun mas’uliyatni his etadigan yoshlarni tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida o‘quvchi qizlarning mavzu yuzasidan savollariga javoblar berilib, ularga tegishli tavsiya va tushuntirishlar taqdim etildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni sog‘lom fikrli, bilimli va mas’uliyatli etib tarbiyalash, qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
