QOZOG‘ISTON RESPUBLIKASINING O‘ZBEKISTONDAGI FAVQULODDA VA MUXTOR ELCHISI ZOMIN TUMANIDAGI “ARTEL ELECTRONICS ZOMIN” MCHJ FAOLIYATI BILAN TANISHDI
2026-09-25 09:00:00 / Yangiliklar

Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi E. Tugjanov Zomin tumaniga tashrifi davomida tumandagi yirik sanoat korxonalaridan biri — “Artel Electronics Zomin” MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev mehmonni korxona faoliyati bilan tanishtirib, bu yerda yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi rivojlanish rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Elchi korxonaning ishlab chiqarish sexlarini ko‘zdan kechirib, zamonaviy texnologik uskunalar, ishlab chiqarish liniyalari va mahsulotlarni tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Korxonada yaratilgan zamonaviy ishlab chiqarish muhiti va texnologik imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida Zomin tumanining sanoat salohiyati, hududda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlarini kengaytirish borasidagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mehmonning Zomindagi yirik sanoat korxonasi faoliyati bilan tanishuvi hududning ishlab chiqarish salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlarini namoyish etish bilan bir qatorda, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlarni muhokama qilishga xizmat qildi.









