TRAKTORCHI-MASHINIST GUVOHNOMASINI OLISH TARTIBI
2026-09-14 15:30:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda mamlakatimizda bir qancha yo‘nalish va sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi, yo‘l-qurilish va melioratsiya sohalarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 170-son qarori qabul qilingan.
Ushbu qarorga muvofiq, traktorchi-mashinist o‘quv kurslarida o‘qigan va o‘qiganligini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo‘lgan fuqarolardan imtihonlarni qabul qilish hamda ularga “A”, “B”, “C”, “D”, “E” va “F” toifalaridagi texnikalarni boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasini berish Inspeksiya tomonidan amalga oshirilmoqda.
Traktorchi-mashinist guvohnomasining “A”, “B”, “C”, “D”, “E” va “F” kataklarida ruxsat beruvchi belgisi bo‘lgan shaxslar quyidagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega:
“A” toifa — 30 ot kuchigacha bo‘lgan g‘ildirakli traktorlar;
“B” toifa — 30 ot kuchi va undan yuqori quvvatga ega bo‘lgan g‘ildirakli traktorlar;
“C” toifa — zanjirli traktorlar;
“D” toifa — mexanik transmissiyali qishloq xo‘jaligi texnikalari;
“E” toifa — gidrostatik transmissiyali qishloq xo‘jaligi texnikalari;
“F” toifa — melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari.
Traktorchi-mashinist guvohnomasi quyidagi uch turga bo‘linadi:
- “A”, “B”, “C” va “D” toifalari;
- “A”, “B”, “C”, “D” va “E” toifalari;
- “A”, “B”, “C”, “D”, “E” va “F” toifalari.
Traktorchi-mashinistlarga toifasiga ko‘ra klasslar quyidagi tartibda beriladi:
III klass — traktorchi-mashinist guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolarga;
II klass — III klassga ega bo‘lgan hamda shu yo‘nalishda uch yillik mehnat faoliyatiga ega bo‘lgan fuqarolarga;
I klass — II klassga ega bo‘lgan hamda shu yo‘nalishda uch yillik mehnat faoliyatiga ega bo‘lgan fuqarolarga talabgorning yoki ish beruvchining so‘roviga asosan Inspeksiya tomonidan beriladi.
Traktorchi-mashinist guvohnomasini berish bo‘yicha nazariy va amaliy imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga traktorchi-mashinist guvohnomasi beriladi.
“Traktorchi-mashinist” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali traktorchi-mashinist guvohnomasining seriyasi va tartib raqami elektron shaklda shakllantiriladi hamda imtihon varaqasida qayd etiladi. Traktorchi-mashinist guvohnomasidagi ma’lumotlar ham “Traktorchi-mashinist” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yordamida shakllantiriladi.
Traktorchi-mashinist guvohnomasini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatganlik uchun yig‘imlar ushbu Reglamentning 7-ilovasida belgilangan to‘lov stavkalariga muvofiq undiriladi.
Talabgorga traktorchi-mashinist guvohnomasini berishning asosliligi va hujjatlarning to‘g‘ri to‘ldirilganligi Inspeksiya xodimi tomonidan tekshiriladi.
“Traktorchi-mashinist” avtomatlashtirilgan axborot tizimida traktorchi-mashinistlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda yuritiladi. Traktorchi-mashinist guvohnomasida boshqarishga ruxsat etilgan texnikalar toifasi qayd etiladi.
Traktorchi-mashinist guvohnomasi fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatgan hamda guvohnomani olganidan so‘ng qayd etish kitobiga shaxsan imzo qo‘yganidan keyin beriladi.
A. Nomozov
O‘zagroinspeksiyaning Zomin tumani bo‘limi
qishloq xo‘jaligi texnikalarini nazorat qilish
bo‘yicha bosh mutaxassisi
