Zominlik o‘quvchilar tuman hokimligiga sayohat uyushtirishdi!
2026-09-11 11:15:00 / Yangiliklar

Bugun Zomin tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 31-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun unutilmas kun bo‘ldi. Bolajonlarning dunyoqarashini kengaytirish va davlat boshqaruvi organlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tuman hokimligiga ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida o‘quvchilarni tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari kutib oldi. U bolajonlarga hokimiyatning ish tartibi, bu yerda tuman rivoji va aholi farovonligi uchun qanday muhim qarorlar qabul qilinishi haqida sodda va qiziqarli tilda so‘zlab berdi.
Eng muhimi, suhbat davomida yosh avlodga bugungi kunda yurtimizda ilm olishga yaratilgan sharoitlar, agarda maktabda faqat "a’lo" baholarga o‘qib, zamonaviy bilimlarni puxta egallashsa, kelajakda aynan mana shunday nufuzli davlat idoralarida ishlab, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishlari mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Ushbu qiziqarli ekskursiya va samimiy muloqot bolajonlarda juda katta taassurot qoldirdi. Ularning ko‘zlaridagi jo‘shqinlik va kelajakka bo‘lgan intilish har birimizni quvontiradi. Zero, bugungi maktab partasidagi o‘quvchilar — ertangi kunimizning haqiqiy rahbarlari va bunyodkorlaridir!






