KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA QARATILGAN QONUN QABUL QILINDI
2026-09-08 09:20:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Qonun qabul qilindi.
2026-yil 22-iyun, O‘RQ-1155-son
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 8-bo‘limi “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” atamasi bilan to‘ldirildi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar — ushbu Kodeksning 167-moddasi uchinchi qismi “d” bandida, 168-moddasi to‘rtinchi qismi “g” bandida, 192⁹, 192¹⁰-moddalarida, 192¹¹-moddasi ikkinchi qismi “v” bandida, 205-moddasi ikkinchi qismi “v” bandida, 206-moddasi ikkinchi qismi “v” bandida, 208-moddasi ikkinchi qismida, 209-moddasi ikkinchi qismi “v” bandida, 210, 211, 212, 213, 214, 214¹, 214²-moddalarida va 301-moddasi ikkinchi qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlardir.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi.
Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar belgilanadi:
- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish;
- o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ko‘prog‘iga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarda ishtirokchi sifatida qatnashish;
- davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
Viloyat hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat sho‘basi
