Yoshlarni diniy mutaassiblik va aqidaparastlik g‘oyalaridan asraylik!
2026-07-27 15:50:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda islom dinini niqob qilib olgan ayrim ekstremistik va terrorchilik oqimlari hamda buzg‘unchi guruhlar tomonidan jamiyatda nizo va adovatni kuchaytirishga qaratilgan g‘oyalar keng targ‘ib qilinmoqda. Ularning asosiy maqsadi jamiyat barqarorligini izdan chiqarish, fuqarolar o‘rtasida adovat va nifoq uyg‘otish, ayniqsa, yoshlarni o‘z safiga jalb etishdan iborat.
Bunday kuchlar, avvalo, hayotiy tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlarning ishonchidan foydalanishga harakat qiladi. Internet tarmoqlari, ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlar orqali diniy mazmundagi materiallar niqobi ostida noqonuniy g‘oyalarni targ‘ib etib, yoshlarning ongini zaharlashga urinadi.
Afsuski, bunday holatlar amaliyotda ham uchramoqda. Jumladan, DEO/XTT g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, 1998-yil 21-avgustda Namangan viloyati Namangan shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta maxsus, vaqtincha ishsiz hamda Jizzax viloyati Zomin tumanida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib kelgan "M.I.I." ismli shaxs 2024–2025-yillar davomida o‘ziga tegishli mobil telefonidagi Telegram messenjeri orqali O‘zbekiston Respublikasida saqlanishi va tarqatilishi taqiqlangan diniy mazmundagi videomateriallarni tarqatganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qonunchilikda belgilangan tartibda tergov harakatlari olib borilgan.
Bugungi kunda har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar internet tarmoqlaridan foydalanishda hushyor va ogoh bo‘lishlari, noma'lum manbalardan tarqatilayotgan diniy mazmundagi materiallarga tanqidiy yondashishlari hamda ularni tarqatish yoki saqlashning huquqiy oqibatlarini chuqur anglab yetishlari zarur.
Yoshlarni diniy mutaassiblik, aqidaparastlik va ekstremistik g‘oyalardan asrash — nafaqat davlat organlari, balki ota-onalar, ta'lim muassasalari, mahalla va butun jamiyatning muhim vazifasidir. Farzandlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ilm-fan, sport va kasb-hunarga yo‘naltirish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bunday salbiy g‘oyalarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Unutmang, diniy mutaassiblik va aqidaparastlikning har qanday ko‘rinishi jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soladi. Shu bois har birimiz hushyor, ogoh va mas'uliyatli bo‘lishimiz zarur.
