To‘rttom mahallasida zamonaviy o‘quv markazi foydalanishga topshirildi
2026-07-24 09:45:00 / Yangiliklar

Zomin tumanining To‘rttom mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va zamonaviy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi uchun mo‘ljallangan yangi o‘quv markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara berayotganini alohida ta’kidladilar.
Qayd etilganidek, mazkur o‘quv markazi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi, iqtidorini ro‘yobga chiqarishi hamda kelgusida munosib kasb egasi bo‘lib yetishishiga xizmat qiladigan muhim ta’lim maskani hisoblanadi.
Mazkur loyiha “Ko‘mak” loyihasi doirasida amalga oshirildi. Uni hayotga tatbiq etish uchun 130 million so‘m ssuda mablag‘i ajratildi. Tashabbuskor tadbirkor Ergashev Ahmadali tomonidan qisqa muddatda sifatli qurilish ishlari amalga oshirilib, zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv markazi barpo etildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha davlat tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorni rivojlantirish hamda davlat va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Marosim yakunida o‘quv markazining ramziy tasmasi kesilib, ishtirokchilar uchun markazda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari va yoshlar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Ishonch bildirilganidek, yangi o‘quv markazi To‘rttom mahallasi hamda tuman yoshlari uchun ilm-ma’rifat maskaniga aylanib, ularning zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi, kelgusida munosib mutaxassis bo‘lib voyaga yetishiga munosib hissa qo‘shadi.









