Zomin xalqaro turizm hamkorligi uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda
2026-07-06 14:45:00 / Yangiliklar

Tashrif dasturi doirasida O‘mon Sultonligining yetakchi influyenserlari, sayohat blogerlari va turoperatorlaridan iborat delegatsiya vakillari ishtirokida Zomin turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi direktorining o‘rinbosari Abdug‘ani Abdusattorovich Avazov hamda "Zomin Ropeway" MCHJ rahbari Dilshod Usanov bilan B2B formatidagi rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Zomin tumanining turizm salohiyatini Yaqin Sharq bozorida keng targ‘ib etish, yangi turistik yo‘nalishlar va turpaketlarni ishlab chiqish, media hamkorlikni rivojlantirish hamda muntazam infoturlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Zomin tumanining betakror tabiiy manzaralari, zamonaviy turizm infratuzilmasi va rekreatsion imkoniyatlarini yuksak baholab, ushbu yo‘nalishni O‘mon Sultonligi hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlari sayyohlari o‘rtasida faol targ‘ib etish, o‘zaro turizm hamkorligini yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur uchrashuv Zominning xalqaro turizm bozoridagi nufuzini oshirish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda hududning turizm salohiyatini dunyo miqyosida keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.




