Zomin tumanida “Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida sportchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-07-02 12:25:00 / Yangiliklar

“Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida Zomin tumani hokimligi kichik majlislar zalida sportchi yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Zomin tumani hokimi, tuman Kengashi deputati Alisher Abdug‘aniyev, sport sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar, murabbiylar hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mazkur ochiq muloqotning asosiy maqsadi sportchi yoshlarning taklif va tashabbuslarini tinglash, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda yoshlarni ommaviy sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida sport mashg‘ulotlari uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash, sport inshootlaridan samarali foydalanish, musobaqalar sonini ko‘paytirish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning nufuzli musobaqalardagi ishtirokini kengaytirish hamda yoshlar sportini rivojlantirishga oid qator taklif va mulohazalar bildirildi. Har bir murojaat atroflicha muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar belgilandi.
Tuman hokimi o‘z so‘zida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlarini rag‘batlantirish va sport sohasida mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish tuman hokimligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarning xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Ochiq muloqot samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, sportchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bevosita tuman hokimi bilan fikr almashish, taklif va tashabbuslarini erkin bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.









