Zomin tumanida xotin-qizlar uchun seminar tashkil etildi
2026-06-05 12:50:00 / Yangiliklar

Zomin tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Omonova hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida Mustaqillik va Qayirma mahalla fuqarolar yig‘inlarida "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlar uchun seminar tashkil etildi.
Seminar davomida xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, oilalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘z olgan Nigora Omonova xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va iqtisodiy mustaqilligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va oilaviy daromadni oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Seminar davomida bank sohasi mutaxassislari tomonidan imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va boshqa moliyaviy ko‘mak mexanizmlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Xotin-qizlarning kasb-hunar o‘rganishi, o‘z biznesini boshlashi va daromadli faoliyat bilan shug‘ullanishi bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 239-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlar, ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimidagi yangiliklar hamda toifalarning yangilangan mezonlari haqida seminar ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi hamda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.









