YUKSAK MA’RIFATLI AVLOD — UCHINCHI RENESSANSNING MUSTAHKAM POYDEVORI
2026-05-25 10:15:00 / Yangiliklar

Bugun Zomin tumani maktablarida hayajon, quvonch va ezgu orzular bilan yo‘g‘rilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Maktab hovlalarida jaranglagan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari minglab o‘quvchilar qalbida unutilmas xotira, yangi orzular va katta hayot sari dadil qadamlar ramziga aylandi.
Tadbirlar davomida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan viloyatdagi barcha bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan yo‘llangan samimiy tabrik onlayn tarzda o‘qib eshittirildi. Tabrikda yosh avlodning bilimli, vatanparvar, tashabbuskor va yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib kamol topayotgani Yangi O‘zbekistonning eng katta yutug‘i ekani alohida ta’kidlandi.
Zomin tumanidagi 75-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan tantanali tadbirda Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev ishtirok etdi. Tuman hokimi bitiruvchilarga murojaat qilar ekan, bugungi yoshlar nafaqat ota-onalarining, balki butun xalqning ishonchi va ertangi kun tayanchi ekanini alohida qayd etdi.
— Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkor avlodisiz. Oldingizda ulkan marralar, katta imkoniyatlar va yorqin kelajak turibdi. Bilimga intilishdan hech qachon to‘xtamang, Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiling, — deya yoshlarga ezgu tilaklarini bildirdi.
Tadbir davomida ta’lim, sport va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan faol o‘quvchilar tuman hokimining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan milliy raqslar, sahna ko‘rinishlari hamda badiiy chiqishlar namoyish etilib, bayram tadbiriga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishlandi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” — bu shunchaki maktab bilan xayrlashuv emas. Bu — bolalikning beg‘ubor sahifalaridan mustaqil hayot sari ochilgan yangi yo‘l, katta orzular sari qo‘yilgan ilk dadil qadamdir.
Kelajak sizniki, aziz bitiruvchilar! Yurtimiz ravnaqi va xalqimiz faxri bo‘lib kamol toping!









