Buxoroda hokim yordamchisi pora bilan ushlandi
2026-05-12 11:35:00 / Yangiliklar

So‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning fosh etilayotgani ushbu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganidan dalolat bermoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati Kogon tumani hokimi o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda tamagirlik yo‘li bilan 12 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro tumanida shartnoma asosida dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fermer “Qum Sulton” massivida joylashgan ekin maydonlariga Kogon tumani hududi orqali keladigan suv to‘xtatib qo‘yilgani sababli, ekin yerlarini suv bilan ta’minlashda yordam so‘rab ushbu hokim o‘rinbosariga murojaat qilgan.
Mansabdor shaxs esa ekin maydonlariga keladigan suvni ochib berishini hamda kelgusida bu borada muammo bo‘lmasligini aytib, evaziga 15 ming AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida u 12 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
