Zomin tumanida ijtimoiy xodimlarga zamonaviy texnik vositalar topshirildi
2026-05-06 19:20:00 / Yangiliklar

Zomin tumani hokimligi majlislar zalida ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini yanada oshirish hamda aholiga mahalla darajasida ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar qamrovini kengaytirishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi o‘rinbosari Sardor Anvarov ishtirok etib, mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarning mehnatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ish faoliyati uchun munosib sharoit yaratish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida tumandagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan 39 nafar ijtimoiy xodimga Zomin tumani hokimligi tomonidan zamonaviy kompyuter jamlanmalari hamda printerlar topshirildi. Mazkur texnik vositalar ijtimoiy xodimlarning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash jarayonini yengillashtirish hamda elektron tizimlar orqali aholiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbir davomida ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahallalarda “Inson qadri” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Mazkur tashabbus mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarning mas’uliyatli mehnatini rag‘batlantirish, ularning ish samaradorligini oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.









