“Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida “Ideaton” startaplar tanlovi yuqori saviyada o‘tkazildi
2026-04-30 19:50:00 / Yangiliklar

Zomin tumanida “Payshanba — Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlarning innovatsion salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy fikrlashga undash hamda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ideaton” startaplar tanlovi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tanlovda iqtidorli yoshlar o‘zlarining ilg‘or g‘oyalari va istiqbolli loyihalari bilan faol ishtirok etib, ularni hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etdilar. Taqdim etilgan loyihalar dolzarbligi, amaliy ahamiyati, innovatsion yondashuvi va iqtisodiy samaradorligi mezonlari asosida atroflicha baholandi. Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida kreativ fikrlash, tahliliy yondashuv hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etib, tanlovning mazmunini yanada boyitdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, jamoaviy yo‘nalishda “Jarvis” jamoasi 1-o‘rinni egalladi. “Eventure” jamoasi 2-o‘ringa, “Binary AI” jamoasi esa 3-o‘ringa loyiq deb topildi. Individual yo‘nalishda esa Doniyorbek Normurodov 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Komiljonov Ozodbek 2-o‘rinni, Mirkomil Noraliyev 3-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar tuman hokimi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi. Ushbu e’tirof yoshlar uchun yanada katta marralarni zabt etishga ruhiy turtki bo‘ldi.
Mazkur “Ideaton” tanlovi yoshlarning startap loyihalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, innovatsion fikrlashini rivojlantirish, tashabbuskorlik va ijodkorlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi.









