HUDUDLARDA TARG‘IBOT TADBIRLARI IZCHIL DAVOM ETMOQDA
2026-04-16 09:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-son Farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Zomin tumanida keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, oila institutini mustahkamlash hamda jamiyatda ayollar faolligini oshirish kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda.
Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi vakili I.Umarova, “Qalb nuri” markazi rahbari N.Alimova hamda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N.Omonova ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvlarda soha mutaxassislari, faol xotin-qizlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Uchrashuv davomida Farmonning mazmuni, asosiy yo‘nalishlari va amaliy ahamiyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning samarali mexanizmlari, mavjud huquqiy kafolatlar hamda har bir fuqaroning bu boradagi mas’uliyati yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan aniq va asosli javoblar oldilar.
Shuningdek, targ‘ibot tadbirlari tumanning “Mustaqillik” mahallasida hamda “Taraqqiyot” mahallasi hududida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi texnikumda ham davom ettirilib, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar orasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur targ‘ibot ishlari jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda har qanday zo‘ravonlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.









