Zominda DXX kubogi musobaqalariga tantanali start berildi
2026-04-09 18:30:00 / Yangiliklar

Zomin tumani hududidagi Zomin bolalar oromgohida payshanba “Yoshlar kuni” munosabati bilan hamda DXX kubogi doirasidagi futbol musobaqasiga tantanali ravishda start berilib, qura tashlash marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda tumandagi 39 ta mahalladan kelgan yoshlar ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida o‘tkazilib, tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Marosim davomida so‘zga chiqqan tuman hokimi ishtirokchilarga omad tilar ekan, mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng qura tashlash jarayoni ochiq va shaffof tarzda tashkil etilib, guruhlar aniqlab berildi. Jarayonning shaffofligini ta’minlash maqsadida natijalar monitor orqali namoyish etilib, ishtirokchilarga joyida tanishtirib borildi.
Tadbir Zomin tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar bilan davom ettirildi. Shuningdek, Zomin MMA klubi sportchilari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, tadbirga yanada bayramona ruh bag‘ishladi.
Mazkur musobaqa yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.









