“Mustaqillik” mahallasida Navro‘z shodiyonalari bo‘lib o‘tdi
2026-04-08 14:25:00 / Yangiliklar

“Mustaqillik” mahallasida Navroʻz umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda keng nishonlandi. Zomin tumani hokimligi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Shukronalik — qalb pokligi va baraka manbayi” shiori ostida o‘tkazildi.
Bayram tadbirlari avvalida mahalla hududida manzarali daraxt ekish aksiyasi tashkil etildi. Ushbu ezgu tashabbus tabiatga e’tibor, yashil makon yaratish hamda kelajak avlod uchun munosib muhit barpo etish g‘oyalarini o‘zida mujassam etdi.
Mazkur tadbir mahalla ahlini ezgulikka, mehr-oqibat va birdamlikka chorlab, jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Unda tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman kengashi raisi O‘rol Oqqulov, tuman hokimligi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etilib, unda nuroniylar, o‘rta avlod vakillari va yoshlar bir davrada jam bo‘ldilar. Uchrashuv davomida yoshi ulug‘lar tomonidan hayotiy tajriba va pand-nasihatlar berilib, milliy qadriyatlar, shukronalik va totuvlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Bu kabi uchrashuvlar avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shodiyonada mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va bolalar faol qatnashib, milliy an’ana va qadriyatlarimiz keng targ‘ib qilindi. Bayram dasturi doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi, hunarmandchilik ishlari namoyishi, folklor chiqishlari hamda kuy-qo‘shiqlar ijrosi tashkil etildi.
Ayniqsa, milliy o‘yinlar va sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilariga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Tuman madaniyat bo‘limi xonandalari hamda mahalla yoshlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar va raqslar tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Tadbir yakunida mahallaning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolar munosib taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Nuroniylar esa yosh avlodga ezgu tilaklar bildirib, shukronalik va totuvlikning hayotimizdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor e’tirof etdilar.
Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tadbir mahallada yanada iliq va samimiy muhitni shakllantirib, insonlar qalbida ezgulik, birdamlik va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamladi.
