“VOICEUP – 2026” INKLYUZIV YOSHLAR OROMGOHINING VILOYAT BOSQICHI ZOMINDA BOSHLANDI
2026-04-08 09:05:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyatida “VoiceUp – 2026” inklyuziv yoshlar oromgohining viloyat bosqichi mazmunli va taassurotlarga boy tarzda boshlandi. Tadbir Zomin oromgohida o‘tkazilib, unda viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan yoshlar jam bo‘ldi.
Oromgoh doirasidagi dastlabki uchrashuv Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodir Sharipov ishtirokida ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Uchrashuv davomida yoshlar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari bilan faol qatnashib, samimiy va mazmunli suhbatlar olib borildi.
Tadbirning badiiy qismi esa ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, oromgoh muhitiga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Shuningdek, 500 nafarga yaqin yoshlar orasidan saralab olingan 50 nafar faol ishtirokchi uchun motivatsion treninglar, seminarlar hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Mazkur loyiha yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish hamda inklyuziv muhitni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.









