Zominda faol tadbirkor xotin-qizlar e’tirof etildi
2026-03-07 13:55:00 / Yangiliklar

Zomin tumani hokimligining kichik majlislar zalida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tumandagi faol tadbirkor xotin-qizlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Zarifjon Omonqulov hamda tuman hokimi o‘rinbosari Nigora Omonova tomonidan “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” yo‘nalishida faol ishtiroki, tashabbuskorligi hamda jamiyat hayotidagi faolligi bilan ajralib turgan bir guruh xotin-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ajratilgan vaucherlar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur e’tirof ijtimoiy loyihalar orqali aholining turmush farovonligini oshirishga hissa qo‘shib kelayotgan, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir davomida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.






