ZOMIN TUMANI PROKURORI XAMIDULLA ABDULLAYEVNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-03-07 12:30:00 / Yangiliklar
Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz yoshlar!
Hurmatli Zomin tumani aholisi!
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlarini hamda mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, fuqarolar muammolarini tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan hamkorlikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda joriy yilning 2 oyi davomida transport vositasini olib qochish hamda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlar kamaygan bo‘lsa, yil boshidan buyon qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish hamda bezorilik jinoyatlarining sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shu bilan birga, o‘tgan davr mobaynida o‘g‘rilik, firibgarlik, yengil tan jarohati yetkazish, oilaviy zo‘ravonlik hamda o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kabi jinoyatlar oshgan.
Yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol-mulkini egallashga urinish bilan bog‘liq holatlar ham kuzatilmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga turli xil ta’sir o‘tkazish orqali ularning bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda.
O‘tgan bir oy davomida tumanimizda 39 ta kiberjinoyat, 12 ta o‘g‘rilik hamda 26 ta firibgarlik holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isbotidir.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol-mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani sababli o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga imkoniyat yaratilayotgani ham ayni haqiqatdir.
Buning oqibatini tumanda 7 ta o‘g‘rilik jinoyati qayd etilganidan ham ko‘rish mumkin.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan-kunga ortib, haydovchilardan yanada yuqori mas’uliyat talab etmoqda.
Biroq ayrim haydovchilar yo‘l belgilari va qoidalariga rioya etmasdan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan fuqarolarga transport vositasini boshqarishga ruxsat bergani natijasida jami 4 ta yo‘l-transport hodisasi, shundan 2 tasi o‘lim bilan bog‘liq holatda sodir etilgani, albatta, ayanchlidir.
O‘tgan davrda yuqorida qayd etilgan jinoyatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan, ularning o‘z vaqtida oldini olish choralarini ko‘rmagan mas’ul shaxslarning javobgarlik masalalari tuman prokuraturasi tomonidan qat’iyat bilan ko‘rib chiqilmoqda.
Xususan, mas’ul shaxslarning 10 nafariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlandi, 2 nafariga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atildi hamda 3 nafari rasman ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 2026-yilning o‘tgan ikki oyida tumanda 1 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ushbu jinoyat firibgarlik yo‘li bilan ishga joylashtirish bilan bog‘liq holatda sodir etilgan.
Aziz zominliklar!
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda eng avvalo mahalla ahli, yoshlar, nuroniylar hamda mehnat jamoalari faollariga tayanamiz.
Agar har bir fuqaro tumanimizni jinoyatchilik va korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz hududga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz hushyorlikni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kirmaslik, notanish shaxslarga bank hisob raqamlari va tasdiqlash kodlarini bermaslik, mol-mulkni qarovsiz qoldirmaslik zarurligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash hamda jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilish ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga elkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
Xamidulla Abdullayev,
Zomin tumani prokurori
