Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi
2026-02-03 21:35:00 / Yangiliklar

Davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olish hamda mahallalarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Zomin tumanida hokim yordamchilari ishtirokida navbatdagi profilaktik-tushuntirish tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida hokim yordamchilarining xizmat faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etish, mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsiya illatining jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning huquqiy oqibatlari va mas’uliyati batafsil tushuntirildi.
Xususan, mahallalarda berilayotgan ijtimoiy kreditlarni fuqarolarga ajratish jarayonida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, kredit olish jarayonida fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchiliklarning oldini olish, barcha jarayonlarni qonuniylik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbirda 2026 yilda hokim yordamchilari tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va ularni joyida hal etish, aholining bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolar bilan manzilli va tizimli ishlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida hokim yordamchilariga o‘z xizmat vazifalarini halollik, mas’uliyat va qonun ustuvorligi tamoyillari asosida bajarish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.



