Zomin tumanida “Artel Electronics Zomin” MChJ loyihasi bilan tanishildi
2026-01-21 14:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari D. Qosimov Zomin tumaniga tashrifi doirasida Artel Electronics Zomin MChJda bo‘lib, korxonada keng turdagi maishiy texnika ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi.
Tanishuv jarayonida havo sovutgichlar, muzlatkichlar va televizorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari, ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlar hamda loyiha bosqichlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Mazkur loyiha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifatini oshirish va ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, loyiha doirasida hududda sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mahalliy iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Tashrif davomida korxona faoliyatini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini samarali tashkil etish hamda belgilangan vazifalarni sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli masalalar muhokama qilindi.
Tashrif yakunida 2026-yilda Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi. Unda viloyat hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalarining asosiy yo‘nalishlari, ularning iqtisodiy samaradorligi, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, mazkur loyihalar orqali hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi.









