“KONSTITUTSIYA — ERKIN VA FAROVON HAYOT GAROVI!”
2025-12-05 12:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi — xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri, mustaqillik g‘oyalari va erkinlikka intilishining yuksak ifodasidir. U yurtimizda hech kimga qaram bo‘lmasdan, ozod, tinch va farovon yashashning mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Mustaqillik yillarida Konstitutsiyamiz huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni barpo etishda poydevor vazifasini o‘tadi. Shuningdek, xalqimiz uchun obod va farovon hayot yaratish hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois mazkur tantanali sana mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan bugun Zomin tumani hokimligi katta majlislar zalida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda tuman korxona va tashkilotlari rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Bayram tadbirida Zomin tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Saidraxmon Umirzoqov, Jizzax viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining tergov sudyasi Komoliddin Pansatov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni Konstitutsiya kuni bilan samimiy tabrikladilar.
Ma’ruzachilar Bosh Qomusimizga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, ularning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida batafsil fikr bildirdilar.
Bayram tadbiri Zomin tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi.









