Zomin tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot: kelajak uchun yangi g‘oyalar va rejalarning boshi
2025-11-28 12:00:00 / Yangiliklar

Zomin tumanida bugun yoshlar bilan ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv tuman hayotida muhim voqea bo‘ldi. Tuman hokimi o‘rinbosari Sardor Anvarov hamda Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Begzod Shukurov ishtirok etgan mazkur suhbatning bosh maqsadi – yoshlarning fikrlarini eshitish, tashabbuslari va muammolarini bevosita o‘zlaridan bilib olish, kelajak uchun real yechimlarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida bolalar sport va ta’lim sifatini oshirish, maktab kutubxonalari imkoniyatlarini kengaytirish, texnoparklar faoliyatini kuchaytirish, ekologiya masalalariga jiddiy e’tibor qaratish, ijodiy to‘garaklar va yoshlar uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarash va takliflarini bildirdilar. Har bir murojaat sinchiklab tinglanib, amaliy jihatdan muhokama qilindi.
Hokim o‘rinbosari S. Anvarov yoshlar tomonidan ilgari surilgan takliflarni alohida qayd etarkan, tuman miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, maktablarni zamonaviy jihozlash, sport maydonchalarini yangilash, ijodiy va intellektual markazlar tashkil etish, yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash kabi tashabbuslar yaqin kelajakdagi asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlarning faol ishtiroki bilan yodda qoldi. Ular bildirgan fikrlar va tashabbuslar tuman miqyosida amalga oshiriladigan ishlar uchun muhim manba bo‘ldi. Ushbu tadbir Zomin tumanida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tobora kengayib borayotganini, ularning ta’limi, iqtidorini rivojlantirish va kelajagini mustahkamlash doimiy e’tiborda ekanini yana bir bor tasdiqladi.








