RASMIY MUNOSABAT
2026-10-27 15:50:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzax viloyati Zarbdor tumani 1-maktabda bitiruvchi sinf o‘quvchilari darsdan chiqarilib, uyma-uy yurib APK faylini telefonlarga o‘rnatishga majburlanyapti” mazmunida tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Mazkur holat Zarbdor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Zarbdor tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchilarini dars mashg‘ulotlaridan chiqarib, ularning mobil telefonlariga “APK Qo‘riqchi” ilovasini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilmaganligi ma’lum qilinadi.
Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatishda ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchli manbalarga asoslanganligiga alohida e’tibor qaratish lozimligini eslatib o‘tamiz.
Eslatma: O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, bila turib yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlarni tarqatishdan avval ularning haqqoniyligini tekshirishni hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz.
