ZARBDORDA TA’LIM SIFATINI OSHIRISH VA BELGILANGAN VAZIFALAR IJROSI MUHOKAMA QILINDI
2026-10-10 11:15:00 / Majlislar

Zarbdor tumani hokimligida davlat rahbari raisligida ta’lim sohasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Bekzod Tashpulatov, tuman IIB boshlig‘i Uyg'un Sultonov, tegishli tashkilot va idoralar mas’ullari, tumandagi barcha umumta’lim maktablari, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, o‘quvchilarni maktablarda tashkil etilgan fan va sport to‘garaklariga keng jalb etish, ularning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish hamda bolalar uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish va ta’lim muassasalari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tumanda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, yosh avlod uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.




