“SOG‘LOM HAYOT UCHUN 10 000 QADAM”
2026-10-09 09:30:00 / Yangiliklar

Zarbdor tumanida “Juma — sport kuni” doirasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom hayot uchun 10 000 qadam” shiori ostida piyoda yurish marafoni tashkil etildi.
Tadbir tuman hokimligi, tuman IIB, nuroniylar, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari, tuman tibbiyot birlashmasi, sport maktabi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
Marafonda ishtirokchilar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab piyoda yurib, jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish muhimligini namoyon etdilar.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun badantarbiya mashg‘ulotlari tashkil etilib, turli jismoniy mashqlar bajarildi.
Mazkur tashabbus aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sport va jismoniy faollikni ommalashtirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish hamda giyohvandlik va boshqa zararli illatlarning oldini olishga qaratilgan.
Zarbdor tumanida aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda.








