YOSHLAR QAYERDA BO‘LISHIDAN QAT’I NAZAR — E’TIBOR MARKAZIDA
2026-09-05 19:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va mavjud muammolarga amaliy yechim topish har bir rahbarning ustuvor vazifalaridan biridir.
“Payshanba — yoshlar kuni” munosabati bilan Zarbdor tumani hokimi Bekzod Tashpulatov, DXX tuman bo‘limi rahbari Umid Rahmatov hamda tuman prokurori o‘rinbosari Islom Jonzoqov ishtirokida xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan va ta’lim olayotgan yoshlar bilan onlayn muloqot tashkil etildi.
Muloqot davomida xorijda istiqomat qilayotgan yoshlarning muammo va takliflari tinglandi. Ularning yashash va mehnat sharoitlari, huquqiy himoyasi, shuningdek, turli murakkab vaziyatlarga duch kelganda murojaat qilish tartiblari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Yoshlar bilan suhbat davomida xorijda qonuniy mehnat faoliyatini olib borish, amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilish, ehtiyot choralariga amal qilish hamda zarurat tug‘ilganda tuman rahbariyati va mas’ul tashkilotlarga murojaat qilish imkoniyatlari tushuntirildi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka yo‘naltirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishlariga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Yoshlar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, ularning muammolari, huquq va manfaatlari e’tibor markazida.








