BILIMLAR KUNI — YANGI O‘QUV YILIGA YANGI MARRALAR SARI!
2026-09-02 10:00:00 / Yangiliklar

Bugun Zarbdor tumanidagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” — “Bilimlar kuni” tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Tadbirlarda Jizzax viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i Xusniddin Shermatov, Zarbdor tumani hokimi Bekzod Tashpulatov, hokimlik vakillari, ta’lim tashkilotlari rahbarlari, pedagoglar, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi o‘quv yili munosabati bilan yo‘llagan tabrigi yig‘ilganlarga o‘qib eshittirildi. Mazkur jarayon “Jizzax MTRK” orqali jonli efirda namoyish etildi.
Shuningdek, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i Xusniddin Shermatov va tuman hokimi Bekzod Tashpulatov 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilar, ota-onalar hamda pedagoglarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladilar.
Tadbir davomida mutasaddilar 1-sinfga qadam qo‘ygan jajji o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ularning ilk taassurotlari, qiziqishlari va orzu-maqsadlari bilan qiziqdilar. Bolajonlarga yangi o‘quv yilida muvaffaqiyat, a’lo baholar va katta yutuqlar tilandi.
Yangi o‘quv yilida Zarbdor tumanidagi barcha maktablarning 1-sinfiga qabul qilingan o‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘alari” topshirildi.
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilib, 2026/2027-o‘quv yiliga rasman start berildi.
Yangi o‘quv yili — yangi bilimlar, yangi orzular va yangi marralar sari dadil qadamlar boshlanishidir!
Yangi o‘quv yili muborak bo‘lsin, aziz o‘quvchilar!
Bilimli avlod — Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagi!









