MUSTAQILLIK ARAFASIDA ZARBDORDA YANGI TIKUVCHILIK SEXI ISHGA TUSHDI
2026-08-25 16:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Zarbdor tumanining Taraqqiyot MFY hududida “Ozoda Textil” MCHJ tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexi foydalanishga topshirildi.
Yangi ishlab chiqarish korxonasining ochilish tadbirida tuman mas’ul rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yil yakuniga qadar sex faoliyatini kengaytirish hisobiga yana 30 ta ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyiha tadbirkorning o‘z mablag‘lari va bank krediti hisobidan moliyalashtirildi. Xususan, mablag‘larning 60 foizi tadbirkorning o‘z mablag‘lari, 40 foizi bank krediti hisobidan yo‘naltirildi.
Ochilish tadbirida so‘zga chiqqanlar hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini ta’kidladilar.
Yangi tikuvchilik sexining faoliyati hududda ishlab chiqarishni rivojlantirish, aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida ishga tushirilgan mazkur loyiha — yangi ish o‘rinlari va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.









