KORRUPSIYAGA OID DAVLAT SIYOSATI
2026-07-30 09:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 22-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1155-sonli Qonun davlat rahbarimiz tomonidan imzolandi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirishga, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxatini belgilashga, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning xavfsizligini ta’minlashga, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaviy omillarni qisqartirishga, shuningdek yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirilishini yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ko‘ra, “Korrupsiyaga oid jinoyatlar” turkumiga ushbu Kodeksning 167-moddasi uchinchi qismining «d» bandida, 168-moddasi to‘rtinchi qismining «g» bandida, 1929, 19210-moddalarida, 19211-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 205-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 206-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 208-moddasining ikkinchi qismida, 209-moddasi ikkinchi qismining «v» bandida, 210, 211, 212, 213, 214, 2141, 2142-moddalarida va 301-moddasi ikkinchi qismining «b» bandida va 243-moddasida (agar mazkur jinoyat korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa) nazarda tutilgan jinoyatlar kiritildi va mazkur jitnoyatlarni ayrimlariga nisbatan jazo choarlari ko‘chaytirildi.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuniga kiritilgan muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlardan biri bu davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlariga hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan lavozim, xizmat va (yoki) bo‘linmadan iborat komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi. Ushbu tuzilmalarning asossiy vazifasi davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiya holatlarining oldini olish, davlat organi va tashkiloti tizimida qonunga rioya etilishini ta’minlash, korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni tizimli tahlil qilish va baholash, bartaraf etish va ularning oldini olish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish belgilandi.
Shuningdek, ushbu Qonunga ko‘ra, bundan buyon korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reestri yuritiladi. Elektron reestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi.
Elektron reestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Elektron reestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan davlat xizmatiga kirishini, davlat mukofotlari bilan taqdirlanishini, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishini, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lishini, o‘zi ta’sis etgan va (yoki) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining 50 foizidan ko‘proq qismiga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishini, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishini ta’qiqlovchi cheklovlar belgilanadi.
Bu o‘zgarishlar kelgusida mamlakatimizda insonlarni huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini hurmat qilish, fuqarolarimiz va tadbirkorlarimiz uchun sog‘lom muhitni yaratish, jamiyatni ijtimoiy muhitni yaxshilash, davlatda iqtisodiyotni jadal o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudining sudyasi
Yorov Habibullo Abdulxayevich
