Zarbdor tumanida "Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash" mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi
2026-07-21 11:20:00 / Yangiliklar

Zarbdor tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) bo‘limi hamkorligida yoshlarni mustahkam oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tadbirda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, FHDY bo‘limi, tuman bosh imom-xatibi hamda "Oqila ayollar" harakati faollari ishtirok etib, yosh nikohlanuvchilarga oilaning muqaddasligi, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va mas’uliyat, sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish hamda farzand tarbiyasidagi ota-onaning o‘rni haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulotlar davomida oilaviy munosabatlarning huquqiy asoslari, nikohning diniy va ma’naviy jihatlari, nizolarning oldini olish, sabr-toqat va murosaning ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Shuningdek, yoshlarga oilaviy hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, sog‘lom psixologik muhitni saqlash va mustahkam oila qurish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Bunday o‘quv mashg‘ulotlari yoshlarni oilaviy hayotga puxta tayyorlash, ajrimlarning oldini olish hamda jamiyatda sog‘lom va barqaror oila institutini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
