Zangiota tumani majlislar zalida tuman hokimi Erkin Rustamov boshchiligida “Hokimlik soati” bo‘lib o‘tdi.
2026-01-19 14:50:00 / Yangiliklar

Unda tuman prokurori, tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mas’ul xodimlar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidan bir qator muhim masalalar o‘rin oldi. Jumladan, ayni kunlarda respublika miqyosida o‘tkazilayotgan muhim siyosiy jarayon — aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarining tumandagi holati atroflicha tahlil qilindi. Ushbu yo‘nalishda joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari mahallalar kesimida muhokama etildi.
Bundan tashqari, tumanda “otaliqqa” olingan hamda “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha biriktirilgan rahbarlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilinib, yoshlar muammolarini manzilli hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, aholi muammolarini o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan targ‘ibot guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
“Hokimlik soati” yakunida barcha mas’ul rahbarlarga belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ijro intizomini yanada kuchaytirish hamda har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.





