Yoshlar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
2026-10-22 16:00:00 / Yangiliklar

“Payshanba-yoshlar kuni” doirasida O‘zbekiston tumanida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Yaypandagi markaziy madaniyat uyida tashkillangan tadbirning dastlabki qismida yoshlar bilan uchrashuv tashkillandi. Unda tuman hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati, soliq inspeksiyasi va boshqa mutasaddi muassasalar mas’ullari hamda yigit-qizlar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy kasblarni egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida tushuntirishlar berildi. Yoshlar bandligini ta’minlashda soliq inspektorlariga yuklatilgan vazifalarga oid yangi tartib va uning ahamiyatiga alohida to‘xtalindi. Mas’ullarga bu borada manzilli va natijaga yo‘naltirilgan yondashuv asosida ish tashkil etish topshirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa bandligi ta’minlanmagan yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilib, unda tumanda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Jarayonlarda har bir ishtirokchi yoshning kasbiy salohiyati, qiziqishlari, muammo va takliflari mutasaddilar tomonidan alohida tinglandi. Yarmarka davomida ba’zi yigit-qizlarning ba’zilari o‘quv markazlariga, texnikumlarga kasb-hunarga o‘qishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, ayrimlari davlat va xususiy muassasalarga ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi.
Yarmarka davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, imtiyozli kreditlar berish va amaliy maslahatlar taqdim etish bo‘yicha yoshlar murojaatlari tijorat banklariga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.






