O‘zbekiston tumanida yana bir yangi xususiy maktab ish boshladi
2026-10-09 13:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston tumanidagi Beruniy mahallasida “Ezgulik ta’lim akademiyasi” xususiy maktabi o‘z faoliyatini boshladi.
“Universal ta’lim akademiyasi” xususiy ta’lim muassasasi tizimidagi yangi maktabning ochilish marosimida tuman hokimining o‘rinbosari Muslimbek Ahmedov, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari, mahalla faollari, ustoz-murabbiylar, o‘quvchi yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar yurtimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, hududlarda xususiy maktablar faoliyatining yo‘lga qo‘yilayotganligi ana shu islohotlarning samarasi ekanligini ta’kidlashdi.
266 o‘ringa mo‘ljallangan xususiy maktabda 1-11-sinf o‘quvchilariga tibbiyot, huquqshunoslik, iqtisodiyot, raqamli texnologiya (AyTi) va xorijiy tillar yo‘nalishlari chuqurlashtirilib o‘qitiladi.
Muassasada o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilib, mavjud o‘quv xonalari bugungi kun talabi darajasida jihozlandi.
Ishtirokchilar yangi maktabda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, bilimdon o‘quvchilar esa munosib rag‘batlantirildi.









