Yosh polvonlar prokuror kubogi uchun bellashdi
2026-06-25 21:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston tumanida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yosh polvonlar o‘rtasida belbog‘li kurash va yunon-rum kurashi bo‘yicha “Prokuror kubogi” musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Bellashuvlarda 2008-2014 yillarda tug‘ilgan 40 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar belbog‘li kurash bo‘yicha, 2010-2018 yillarda tug‘ilgan 60 nafar o‘g‘il bolalar esa yunon-rum kurashi bo‘yicha ishtirok etdilar.
Musobaqalarning final bosqichi bugun, payshanba-“Yoshlar kuni”da Yaypandagi “O‘zbekiston” o‘yingohida tashkillandi.
Unda tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev, tuman prokurori Obidjon Sobirov, DXX tuman bo‘limi, ichki ishlar bo‘limi rahbariyati va boshqa hamkor idoralar vakillari ishtirok etdi.
Sport tadbirida so‘z olgan tuman rahbari barchani yaqinlashib kelayotgan “Yoshlar kuni” bilan samimiy qutlab, ishtirokchilarga omad tiladi. Ta’kidlanganidek, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Shu kuni musobaqaning so‘nggi-final bosqichga yetib kelgan iqtidorli yosh polvonlar murosasiz bahslarda ishtirok etib, gilamda o‘z mahoratini namoyish etdilar.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Musobaqa doirasida ishtirokchi yoshlar uchun madaniy dastur ham taqdim etildi.









