Yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqot va ular uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
2026-06-04 16:10:00 / Yangiliklar

Payshanba-“Yoshlar kuni” doirasida O‘zbekiston tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev ishtirokida yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi hamda ichki ishlar bo‘limi rahbariyati, daxldor mutasaddilar ham qatnashgan uchrashuvga harbiy xizmatdan qaytgan yigitlar, profilaktik hamda probatsiya nazoratidagi yoshlar jalb etildi.
Ochiq muloqotlarda asosan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish ko‘zda tutildi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmatni oshirishga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, ularning bilimli, ma’naviy yetuk va huquqiy ongli bo‘lib voyaga yetishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda ta’lim va tarbiya hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Harbiy xizmatdan qaytib, ish qidirib yurgan yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli choralar belgilandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar tegishli rahbarlar tomonidan e’tiborga olindi hamda ularni amalga oshirish uchun chora-tadbirlar belgilab berildi.
Uchrashuv doirasida yoshlarni bandlik bilan ta’minlash maqsadida “Ishga marhamat” bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Yarmarka doirasida ko‘plab korxona va tashkilotlardan bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi. Bu imkoniyat yoshlar uchun keng tanlov va munosib ish topish imkoniyatini yaratdi.









