O‘z oldiga yangi va ulkan maqsadlarni qo‘ygan “Yaypan Farg‘ona” jamoasining mavsumoldi taqdimot marosimi o‘tkazildi
2026-04-03 15:10:00 / Yangiliklar

Bugun Yaypan shahridagi markaziy madaniyat uyida joriy yilda Pro-ligada to‘p suradigan “Yaypan Farg‘ona” futbol klubining mavsumoldi taqdimoti va tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda tuman hokimi Ravshanbek Begmatov, tuman prokurori Obidjon Sobirov, tuman davlat soliq inspeksiyasi rahbari Azamjon Turonov, klub mutasaddilari va jamoa muxlislari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tuman rahbari jamoa a’zolarini yangi futbol mavsumi bilan tabriklab, futbolchilarga omad tiladi. Mavsum g‘alabalarga boy bo‘lishi, yangi tarkib bilan barcha o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish hamda musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallashga tilaklar bildirildi.
Shundan so‘ng Rashid G‘afurov boshchiligidagi jamoaning yangi tarkibi, murabbiylar shtabi ommaga tanishtirildi va futbolchilarga liboslari tarqatildi.
So‘zga chiqqan jamoa mutasaddilari, bosh murabbiy va futbolchilar klub yangi mavsumda muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini bildirdilar. Muxlislar vakillari esa jamoa bilan doimo birga bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildi.






