Yoshlar kuni: Mehnat yarmarkasida yoshlar ishli bo‘ldi
2026-03-26 18:40:00 / Yangiliklar

“Yoshlar kuni” doirasida O‘zbekiston tumanida yoshlar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Ushbu tadbir tuman hokimligi, tuman prokuraturasi hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tashabbusi bilan yoshlarni bandlik bilan ta’minlash, ularning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasiga asosan tumandagi ishsiz, otaliqqa olingan, og‘ir toifadagi hamda probatsiya nazoratidagi yoshlar jalb etildi.
Tadbir davomida tuman hokimi Ravshanbek Begmatov va tuman prokurori Obidjon Sobirovlar mamlakatimizda aholini ishga joylashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Yoshlarni iml olishga, izlanish-o‘rganishga, kasbiy salohiyatlarini oshirishga va faol bo‘lishga undadi.
Mehnat yarmarkasida yuz nafardan ortiq yoshlar mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi. Ularga tumandagi 50 dan ziyod korxona va tashkilot 300 dan ziyod bo‘sh ish o‘rnini taklif etdi. Shu kuni 20 ga yaqin yoshlarga ishga joylashishi uchun yo‘llanma, 40 dan ziyod qatnashchiga esa mehnat qonunchiligi yuzasidan tegishli huquqiy maslahat berildi.
Tadbir davomida sport musobaqalari ham tashkillanib, unda yigit-qizlar faol ishtirok etdi.
Shuningdek, mutasaddilar probatsiya nazoratidagi yoshlar bilan uchrashib, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Yoshlarning taklif va mulohazalari e’tiborga olindi va ularni amalga oshirish uchun chora-tadbirlar belgilandi.






